Asosiy » 2013 » Oktabir » 28 » Legionerlar: Jeparov «Seongnam» safida navbatdagi golini kiritdi 
12:32
Legionerlar: Jeparov «Seongnam» safida navbatdagi golini kiritdi
Horij chempionatlarida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining bir nechta a’zolari o‘tayotgan haftaning dam olish kunlari o‘z klublari safida rasmiy o‘yinlarda maydonga tushishdi.

• • •

ROSSIYa
Moskvaning «Lokomotiv» klubi safida o‘ynayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov, 27oktyabr kuni Premer-Liganing 14-turi doirasida safarda «Rubin» klubiga qarshi maydonga tushdi va to‘liq 90 daqiqa to‘p surdi. Mazkur uchrashuvda «Lokomotiv» 2:1 hisobida qozonliklar ustidan g‘alaba qozongan.

Maxachqal’aning «Anji» klubi o‘z uchrashuvini 28 oktyabr kuni safarda «Kuban» klubiga qarshi o‘tkazadi. «Anji» safida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Odil Ahmedov to‘p surayotganidan xabaringiz bor.

QOZOG‘ISTON
27 oktyabr kuni Qozog‘iston premer-ligasida 31-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Ulug‘bek Baqoyev to‘p surayotgan Pavlodarning «Irtish» klubi shu kuni safarda «Ordabasi» jamoasiga qarshi to‘p surdi. Uchrashuvda 3:1 hisobida «Ordabasi» g‘alaba qozongan. E’tiborlisi, «Irtish»ning yagona goliga O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod bo‘lgan hujumchi - Ulug‘bek Baqoyev uchrashuvning 25-daqiqasida kiritgan. 

3 nafar milliy terma jamoaga nomzod futbolchi - Aleksandr Geynrix, Temur Kapadze hamda Marat Bikmayevlar to‘p suradigan «Aktobe» klubi safarda «Ostona»ga qarshi maydonga tushdi va 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Aleksandr Geynrix hamda Temur Kapadzelar o‘yinda to‘liq 90 daqiqadan harakat qilgan bo‘lsalar, jarohatidan qutulib safga qaytgan Marat Bikmayev ikkinchi bo‘limning 66 daqiqasida maydonga tushirilgan.

XITOY
Xitoy Superligasida navbatdagi tur o‘yinlari 30 oktyabr kuni o‘tkaziladi.

JANUBIY KOREYa
26 oktyabr kuni Janubiy Koreya «K» ligasi ikkinchi davra o‘yinlarining 5-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi davradan boshlab «K» ligada 8-14 o‘rinlar uchun kurashga kirishgan «Seongnam Ilva Chunma» klubi tarkibida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Server Jeparov to‘p surib kelmoqda. Tajribali yarim himoyachi 27 oktyabr kuni safarda «Degu» klubiga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushdi va 90 daqiqada harakat qildi. E’tiborlisi «Seongnam»ning uchrashuvdagi birinchi goliga, aynan Jeparov 12-daqiqada mualliflik qildi. O‘yinda esa, 2:2 hisobi qayd etilgan.

OZARBAYJON
26 sentyabr kuni Ozarbayjon premer-ligasida ham 11-tur o‘yinlariga start berildi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Bahodir Nasimov ushbu turda safarda «Semurg‘» klubiga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va 63 daqiqada almashtirildi. Uchrashuvda 0:0 hisobidagi durang qayd etilgan.

QATAR
Ushbu mavsumdan boshlab, «Qatar Yulduzlar Ligasi» ishtirokchisi - «Al Mu’ayzir» klubi sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Fozil Musayev, 26 oktyabr kuni jamoasi safida o‘z maydonida «Al Jaish» klubiga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushdi. 4:2 hisobida «Al Jaish» klubining g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvda Musayev to‘liq 90 daqiqa o‘ynadi.

BAA
Dubayning «Ash Shabob» klubida to‘p surayotgan O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz Haydarov 26 oktyabr kuni safarda «Al Shaab» klubiga qarshi kechgan uchrashuvda to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. «Ash Shabob» mazkur uchrashuvda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Yo'nalishi: | O'qidi: 452 | Kiritdi: ASADULLOH | Теги:  | Reyteng: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]